Isroil masalasi Yevropa Ittifoqida yangi kelishmovchiliklarni yuzaga keltirdi

Dunyo

Isroil aholi punktlariga nisbatan ehtimoliy sanksiyalar Yevropa Ittifoqida ichki qarama-qarshiliklarni kuchaytirib, umumiy tashqi siyosatni shakllantirish borasidagi vakolatlar yuzasidan bahslarni yanada keskinlashtirdi.

Isroil masalasi Yevropa Ittifoqida yangi kelishmovchiliklarni yuzaga keltirdi
Euractiv nashriga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas hamda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen o‘rtasidagi qarama-qarshilik ochiq bosqichga o‘tdi. Bunga Isroil aholi punktlariga nisbatan cheklov choralarini joriy etish masalasi sabab bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, Fransiya va Ispaniya boshchiligidagi 11 davlat ko‘magiga tayangan Kaja Kallas ushbu hududlardan keladigan mahsulotlarga nisbatan qattiqroq choralar, jumladan savdo embargosini qo‘llash tarafdori. Ursula fon der Lyayen esa to‘liq taqiq joriy etishga ehtiyotkorona yondashmoqda.

Yevrokomissiya a’zo davlatlarga huquqiy tavsiyalar yuborib, litsenziyalashni kuchaytirish, bojlarni oshirish yoki to‘liq taqiq joriy etish kabi bir nechta variantlarni taklif qilgan. Biroq asosiy bahs qaror qabul qilish tartibi yuzasidan davom etmoqda. Ayrim davlatlar sanksiyalarni malakali ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilish mumkinligini ta’kidlasa, Yevrokomissiya barcha 27 davlatning bir ovozdan roziligini talab qilmoqda.

Avvalroq Kaja Kallas Yevropa Ittifoqida umumiy kelishuv yo‘qligi sababli hozircha Isroilga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar yoki savdo bitimlarini to‘xtatish rejalashtirilmayotganini bildirgan edi. Mavjud kelishmovchiliklar Yevropa Ittifoqining Yaqin Sharq bo‘yicha yagona tashqi siyosatini shakllantirishdagi murakkabliklarni yana bir bor namoyon etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing