Istanbul meri prezidentlikka nomzod bo‘lishidan bir necha kun oldin hibsga olindi

Dunyo

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi bo‘lgan Istanbul meri Ekrem Imamo‘g‘li Turkiya politsiyasi tomonidan korrupsiya va terrorchilik aloqalari bo‘yicha tergov doirasida hibsga olindi. Bu haqida davlatga qarashli Anadolu agentligi xabar berdi.

Istanbul meri prezidentlikka nomzod bo‘lishidan bir necha kun oldin hibsga olindi
Prokuratura yana 100 kishi uchun ham hibsga olish orderlarini bergan. Rasmiylar Istanbulning bir necha ko‘chalarini yopib, shahar bo‘ylab to‘rt kun davomida namoyishlarni taqiqlagan. Bu, hibsga olinishi ortidan ehtimoliy norozilik namoyishlarini oldini olishga qaratilgan choralar sifatida baholanmoqda.

Imamo‘g‘li 23-mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Respublikachilar xalq partiyasining (CHP) ichki saylovlarida prezidentlikka asosiy nomzod sifatida tanlanishi kutilayotgan edi. Turkiyada prezidentlik saylovlari 2028-yilda o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, muddatidan oldin saylov o‘tkazilishi ehtimoli katta.

Imamo‘g‘lining hibsga olinishi uning diplomining bekor qilinishidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Istanbul universiteti 1990-yilda uning Shimoliy Kiprning xususiy universitetidan Biznes boshqaruvi fakultetiga o‘tishi jarayonida qonunbuzarlik bo‘lgan degan asos bilan diplomini bekor qildi. Bu esa Imamo‘g‘lining prezidentlik saylovida qatnashish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi, chunki Turkiya qonunlariga ko‘ra, prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun universitet diplomi talab etiladi.

Imamo‘g‘li bu qarorni "noqonuniy" deb atab, uni Erdo‘g‘an hukumati bosimi ostida qabul qilingan qaror sifatida baholadi. U qarorga norozilik bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi, "Bu qarorni qabul qilganlar yaqin orada tarix va adolat oldida javob beradi. Adolat, qonun va demokratiya uchun tashna bo‘lgan xalqimizning yurishi to‘xtatilmaydi."

Imamo‘g‘li hibsga olinganidan keyin ham kurashni davom ettirishini aytdi, "Men endi to‘xtamayman. Orqaga qaytish yo‘q, men yanada kuchli yuguraman!"

Unga nisbatan avval ham bir nechta siyosiy sud ishlari ochilgan. Jumladan, 2022-yilda Turkiyaning Oliy Saylov Kengashi a’zolarini haqorat qilgani uchun sud uni siyosiy taqiqqa tushishi mumkin bo‘lgan jinoyatda ayblagan.

Shuningdek, u oppozitsiya boshqaruvidagi shahar hokimiyatlariga oid tergovga ta’sir ko‘rsatganlikda ham ayblanmoqda. Bu ishlar Imamo‘g‘liga qamoq jazosi yoki siyosiy taqiq qo‘yilishiga olib kelishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing