Kolumbiya prezidenti AQSh tahdidlaridan so‘ng qurolga qo‘l urishga tayyorligini bildirdi

Dunyo

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSh tomonidan bildirilgan tahdidlar fonida keskin bayonot bilan chiqdi va zarurat tug‘ilsa, qurolli qarshilik ko‘rsatishga tayyorligini aytdi.

Kolumbiya prezidenti AQSh tahdidlaridan so‘ng qurolga qo‘l urishga tayyorligini bildirdi
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSh tahdidlaridan so‘ng yana qurolga qo‘l urishi mumkinligini ma’lum qildi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Petroning ta’kidlashicha, xalqning katta qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan prezidentni hibsga olishga urinish keng ko‘lamli xalq qarshiligiga olib kelishi mumkin. U 1989 yilda tinchlik kelishuvi imzolanganidan buyon qurol ishlatmaslikka qasamyod qilganini, biroq vatan himoyasi yo‘lida bu qasamyodni buzishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Prezident barcha kolumbiyalik harbiylarga topshiriq berilganini, AQSh bayrog‘ini Kolumbiya bayrog‘idan ustun qo‘ygan har qanday xavfsizlik tizimi rahbari zudlik bilan lavozimidan ozod etilishini bildirdi. Shuningdek, u xalqni prezidentni noqonuniy zo‘ravonliklardan himoya qilishga chaqirdi va mahalliy darajada hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga da’vat etdi.

Petro xavfsizlik kuchlariga fuqarolarga emas, balki ehtimoliy bosqinchilarga qarshi kuch ishlatish buyurilganini ta’kidladi. Bundan tashqari, u davlatga qarshi yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblab, politsiya razvedkasidagi bir nechta polkovniklarni ishdan bo‘shatdi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Gustavo Petroni koka ishlab chiqarishda ayblagan va unga qarshi operatsiya o‘tkazilishi mumkinligini istisno qilmagan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing