Lavrov xalqaro kelishuvlarga tahdid borligini aytdi

Dunyo

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, AQShning Venesuelaga nisbatan harakatlari xalqaro kelishuvlarga erishish imkoniyatlarini zaiflashtirmoqda va mintaqadagi keskinlikni kuchaytirmoqda.

Lavrov xalqaro kelishuvlarga tahdid borligini aytdi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQShning Venesuelaga nisbatan olib borayotgan siyosati xalqaro muloqot va kelishuvlar imkoniyatlariga putur yetkazayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u 17 dekabr kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytdi.

Lavrovning ta’kidlashicha, AQSh Karib dengizida fuqarolik kemalarini sudsiz va tergovsiz cho‘ktirish choralarini ko‘rish bilan birga, Venesuela hududida quruqlikdagi operatsiya variantini ham ko‘rib chiqmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar va keskin bayonotlar mavjud xalqaro kuchlar muvozanati sharoitida kelishuvlarga erishish umidini yo‘qqa chiqaradi. Rossiya tomonini, ayniqsa, AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Karib havzasidagi faoliyati tashvishga solmoqda.

Lavrov bu harakatlar aksariyat davlatlarda salbiy munosabat uyg‘otayotganini, Yevropaning ayrim davlatlari bundan mustasno ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, u AQSh tomoni rasmiy ravishda muloqotga ochiqligini saqlab qolayotganini ham aytdi.

Avvalroq Rossiya TIV Venesuela atrofidagi keskinlik butun G‘arbiy yarimshar uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Moskva mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini bir necha bor bildirgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing