Lula da Silva: AQSh Venesuelani amalda suverenitetidan mahrum qildi

Dunyo

Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva AQShning Venesuelaga nisbatan harakatlari mamlakat suverenitetining amalda yo‘qolishiga olib kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘zini Venesuelani boshqarish huquqiga ega tomon sifatida ko‘rsatmoqda.

Lula da Silva: AQSh Venesuelani amalda suverenitetidan mahrum qildi
«AQShning Venesuelaga qilgan ishi juda jiddiy. AQSh Venesuelani boshqarayotgani haqidagi tasavvurni tarqatmoqda. Biz o‘qigan barcha hujjatlar va kelishuvlarda shunday mazmun bor, go‘yo AQSh Venesuelaning katta boshlig‘idek. Mamlakat suvereniteti deyarli yo‘qolgan», — dedi Lula CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Braziliya prezidenti vaziyat na AQSh, na Venesuela uchun foydali ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Venesuelada milliy saylovlar o‘tkazilishi kerakligini aytib, mamlakat aholisi kelgusidagi siyosiy rahbariyatni o‘zi tanlashi lozimligini bildirdi.

Bu bayonot 2026-yil yanvarida yuz bergan voqealar fonida yangradi. O‘shanda AQSh kuchlari Venesuelada operatsiya o‘tkazib, sobiq prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olib, AQShga olib ketgan. Keyinchalik ular Nyu-York janubiy okrugi federal sudida ishtirok etib, o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha aybini tan olmagan.

Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng avval vitse-prezident lavozimida ishlagan Delsi Rodriges Venesuelaning muvaqqat prezidenti sifatida qasamyod qildi. 2026-yil sentabr holatiga ko‘ra, u mamlakatning o‘tish davridagi hukumatiga rahbarlik qilmoqda.

AQSh esa Venesueladagi o‘tish davrida boshqaruv jarayonida ishtirok etishini bildirgan. Prezident Donald Tramp Vashington mamlakatda keyingi siyosiy o‘tish uchun sharoit yaratilgunga qadar boshqaruvda bo‘lishini aytgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing