Markaziy Osiyo bo‘yicha Jahon bankining yangi rahbari tayinlandi

O'zbekiston

Markaziy Osiyo bo‘yicha Jahon bankining yangi mintaqaviy direktori etib Nodji Benxasin tayinlandi. U tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi orqali beshta mamlakatdagi faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha Jahon bankining yangi rahbari tayinlandi
Tajribali iqtisodchi va menejer Nodji Benxasin rasmiy ravishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda Jahon bankining amaliyotlarini boshqarish vazifasini bajara boshladi. U bu lavozimda 2021 yil iyulidan 2025 yil iyunigacha ishlagan Tatyana Proskuryakovani almashtirdi.

“80 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan va tez rivojlanayotgan mintaqadagi ko‘p yo‘nalishli va muhim faoliyatni boshqarish men uchun katta sharafdir”, — dedi Benxasin. U mintaqa hukumatlari bilan barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ayniqsa ayollar va yoshlar uchun ish o‘rinlarini yaratish hamda energetika, transport va suv infratuzilmasini kengaytirish, transchegaraviy ekologik va sanitariya muammolarini hal etishda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Benxasin bunga qadar 2020–2025 yillarda Pokistondagi Jahon banki vakolatxonasiga rahbarlik qilgan. Uning yangi faoliyati Markaziy Osiyoda umumiy qiymati 11 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 85 ta faol loyihani qamrab oladi. Bu loyihalar mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing