Markaziy Osiyo davlatlari rus tilini rivojlantirish uchun birlashmoqda

Dunyo

Moskvada rus tilini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan Xalqaro tashkilotning birinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Yevrosiyo davlatlari vakillari yangi platformaning amaliy faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rus tilini rivojlantirish uchun birlashmoqda
Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Belarus va Rossiya davlatlarining vazirlik vakillari va ekspertlari qatnashdi.

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov rus tilining ta’lim, ilm-fan va madaniy almashuvdagi ahamiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning til siyosati millatlararo totuvlik, tenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanadi.

Tojikiston ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda rus tili mamlakat Konstitutsiyasida millatlararo muloqot tili sifatida mustahkamlanganini aytdi. Hozirda respublikada 270 dan ortiq rus tilida ta’lim beruvchi maktablar faoliyat yuritmoqda va ularda 160 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil oladi.

Qirg‘iziston maorif vaziri Dogdurkul Kendirbaeva tashkilotni yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uni Qasym‑Jomart Toqayev ilgari surganini eslatdi. U yangi platforma darsliklar ishlab chiqish va ta’lim metodikalarini rivojlantirish uchun muhimligini qayd etdi.

Qozog‘iston fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Gulzat Kobenova rus tili mamlakatda jamiyat, ta’lim va ilm-fan sohalarining muhim qismi ekanini ta’kidladi.

Belarus ta’lim vaziri Andrey Ivanets esa mamlakat rus tilini ommalashtirish bo‘yicha xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan asosiy maydonlardan biriga aylanishga tayyorligini bildirdi.

Yig‘ilishni ochgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tashkilot yaratish tashabbusi uchun Qozog‘istonga minnatdorlik bildirib, rus tilining Yevrosiyo va boshqa mintaqalardagi rolini mustahkamlashga umid bildirdi.

Tashkilot va uning kotibiyati 1-apreldan ish boshlashi rejalashtirilmoqda. Vazirlar konferensiyasi yiliga kamida bir marta, boshqaruv kengashi esa yiliga kamida ikki marta o‘tkaziladi. Bosh kotib lavozimiga Rossiya fan va oliy ta’lim vazirining sobiq o‘rinbosari Natalya Bocharova tayinlandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing