Merts: yangi posyolkalar ikki davlat yechimiga putur yetkazadi

Dunyo

Isroilning G‘arbiy Sohilda minglab yangi uylar qurish rejasi Germaniyada keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Germaniya kansleri Fridrix Merts bu tashabbusni “katta xato” deb atab, Yevropa davlatlarini ushbu masala bo‘yicha umumiy pozitsiya bildirishga chaqirdi.

Merts: yangi posyolkalar ikki davlat yechimiga putur yetkazadi
Germaniya kansleri Fridrix Merts Isroilning Iordan daryosining G‘arbiy sohilida taxminan 3400 ta turar-joy qurish rejasini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, bu loyiha tinchlik jarayoniga jiddiy zarar yetkazishi va ikki davlat asosidagi yechim istiqbolini murakkablashtirishi mumkin.

Pragada Chexiya bosh vaziri Andrey Babish bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Merts ushbu rejani “anneksiya” deb atadi va Isroil hukumatini undan voz kechishga chaqirdi. Shuningdek, u Yevropa ittifoqchilarini bu masala bo‘yicha umumiy bayonot berishga da’vat qildi.

Gap E1 loyihasi haqida bormoqda. U Quddusning sharqida joylashgan qariyb 12 kvadrat kilometr hududda 3400 ta uy qurishni nazarda tutadi. Loyiha o‘tgan yilning avgust oyida ma’qullangan.

Isroil moliya vaziri, posyolkalar siyosatini nazorat qiluvchi Betsalel Smotrich esa avvalroq bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Uning aytishicha, yangi posyolkalar qurilishi Falastin davlatining tashkil topishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Shu bilan birga, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Isroilga tashrifi chog‘ida Berlin pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi va Isroil hukumatini rejani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

U radikal posyolkachilar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlarini ham keskin qoralab, Isroil huquq-tartibot organlari bunday harakatlarga qat’iy qarshi turishi kerakligini ta’kidladi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa xalqaro tanqidlarga javoban xorijiy hukumatlar yahudiylarning Isroil yerida yashash huquqini cheklay olmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi posyolkalar qurish qarori mamlakat xavfsizligi bilan ham bog‘liq.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, G‘arbiy Sohildagi isroil posyolkalari noqonuniy hisoblanadi. Biroq Isroil bu fikrga qo‘shilmaydi va hududlarning yakuniy maqomi faqat muzokaralar orqali hal qilinishi kerakligini ta’kidlaydi.

Hozirda G‘arbiy Sohilda qariyb 500 ming isroillik va taxminan 3 million falastinlik yashaydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing