Mo‘g‘uliston Prezidenti COP17 doirasida O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tashrif buyurdi

O'zbekiston

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Ulan-Batorda 17–28 avgust kunlari o‘tkazilayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha BMT Konvensiyasi Tomonlarining 17-sessiyasi (UNCCD COP17) doirasida O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tashrif buyurdi. Tashrif yer degradatsiyasini tiklash, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish va ekologik loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilinayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Mo‘g‘uliston Prezidenti COP17 doirasida O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tashrif buyurdi
Mo‘g‘uliston Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamrohlik qildi.

Tashrif davomida Uxnaagiyn Xurelsuxga O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Tomonlar ekologik xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Mo‘g‘uliston Prezidenti O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar va ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, ekologik va iqlim masalalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston COP17 doirasida ekologik tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. Yer degradatsiyasini tiklashni moliyalashtirish bo‘yicha vazirlar dialogida mamlakat cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash uchun investitsiyalarni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi. UNCCD ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlarda yillik moliyalashtirish taqchilligi taxminan $278 milliard, harakatsizlik natijasidagi iqtisodiy yo‘qotishlar esa yiliga $878 milliardni tashkil etadi.

COP17 Ulan-Batorda 17–28 avgust kunlari o‘tkazilib, yerlarni tiklash, yaylovlardan barqaror foydalanish, suv resurslari va qurg‘oqchilikka chidamlilik masalalarini muhokama qilish uchun davlatlar, xalqaro tashkilotlar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing