Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekiston Migratsiya agentligining yangi direktori etib tayinlandi

O'zbekiston

Muhsinxo‘ja Tursunxo‘jayevich Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori etib tayinlandi. Tegishli qarorni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzoladi.

Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekiston Migratsiya agentligining yangi direktori etib tayinlandi
Tayinlovga qadar Abdurahmonov O‘zbekistonning Yaponiyadagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan va 2021-yil iyulidan buyon mamlakatning Yaponiyadagi elchisi lavozimida ishlab kelgan. U 52 yoshda.

Muhsinxo‘ja Abdurahmonov 1996-yilda Toshkent iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 1994–1995-yillarda AQShdagi Kaliforniya davlat universitetining Chiko kampusida stajirovka o‘tagan, 1996–1998-yillarda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan.

1998–2001-yillarda Yaponiyadagi Otaru savdo universitetida magistraturada, 2001–2004-yillarda Xokkaydo universitetida doktoranturada o‘qigan. 2006–2008-yillarda shu universitetda ilmiy tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritgan.

Uning mehnat faoliyati xususiy sektor va davlat boshqaruvidagi lavozimlarni qamrab oladi. 2004–2006-yillarda Coca-Cola Uzbekistan LLC kompaniyasida menejer, 2008–2017-yillarda esa Yaponiyadagi MTRUST kompaniyasining bosh direktori bo‘lgan. 2018–2021-yillarda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Keyinchalik O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining investitsiyalar boshqarmasiga qisqa muddat rahbarlik qilgan.

Boshqa qaror bilan Behzod Anvarovich Musayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etildi. U 2024-yil sentabridan buyon agentlikka rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Musayev bundan avval Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri hamda Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, u ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari, Hisob palatasi va Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashqi mehnat migratsiyasi, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing