Mustaqillik bayrami arafasida fidoyi vatandoshlarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan bir guruh vatandoshlarimizni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mustaqillik bayrami arafasida fidoyi vatandoshlarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
Tadbirda davlatimiz rahbari yigʻilganlarni ulugʻ va moʻtabar ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

– 35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar oʻzining koʻlami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mazkur oʻzgarishlarning haqiqiy muallifi – mehnatkash va olijanob xalqimizdir.

Mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-roʻz yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga taʼlim-tarbiya berayotgan ustozlar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar, yangi gʻoya va kashfiyotlar ustida izlanayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar mehnatida namoyon boʻladi.

Shuningdek, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi va arxitektorlar, madaniyat, sanʼat va sport sohasi vakillari, islohotlar ijrosini mahalla va xonadonlarga yetkazayotgan davlat xizmatchilari, joylarda odamlarni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini taʼminlayotgan harbiylar hamda huquq-tartibot xodimlarining hissasi alohida qayd etildi.

Soʻnggi oʻn yilda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib keldi, iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat, servis va qishloq xoʻjaligi sohalarida 5 million 700 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi.

Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming oʻrinli maktablar, 342 ming oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkilotlari va 62 ming oʻrinli shifoxonalar barpo etildi. 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yoʻllar qurildi hamda taʼmirlandi. 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berildi, yana 11,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilandi. Oʻtgan oʻn yilda 650 ming oila yangi uy-joyga ega boʻldi.

– Yangi Oʻzbekistonning eng katta natijasi bu oʻzgargan inson, oʻz kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir, – dedi Prezidentimiz.

Ana shu ezgu oʻzgarishlarga munosib hissa qoʻshayotgan fidoyi insonlarning 558 nafari mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

– Har biringizning mashaqqatli mehnat yoʻlingiz, erishgan yutuqlaringiz, yurtimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan munosib hissangizni juda yaxshi bilaman, – dedi Prezidentimiz.

Mukofotlanganlar orasida Xorazm viloyatida koʻp yillar davomida bunyodkorlik ishlariga hissa qoʻshib, bugun nuroniylarga boshchilik qilayotgan Rustam Sultonov, Surxondaryoda choʻllarni oʻzlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga umrini bagʻishlagan mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonov bor.

Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon poʻlat erituvchi boʻlib ishlayotgan Gʻulomjon Turonovning “Xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani butun metallurglar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Paxtachilik va gʻallachilikda yuksak natijalarga erishib, oʻz maktabini yaratgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, yil davomida pilladan yuqori hosil olayotgan buxorolik Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilgʻor texnologiyalarni joriy etib, naslchilikni rivojlantirayotgan qoraqalpogʻistonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv yoʻqotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor tizimlarni tatbiq etishga hissa qoʻshayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning mehnati munosib eʼtirof etildi.

Prezidentimiz davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va koʻrsatgan jasorati alohida eʼtirofga munosib ekanini taʼkidladi.

Shu kunlarda joylarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizga ham samimiy tabriklar aytildi.

Marosimda mamlakatimiz yetakchisi mukofotlarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing