Navoiy viloyati: 1,6 mlrd dollarlik yangi loyihalar va 10 ming ish o‘rni

O'zbekiston

Navoiy viloyati O‘zbekistonning yetakchi iqtisodiy hududlaridan biri sifatida mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Investitsiyalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmatlar sohasidagi yirik loyihalar hududga kuchli iqtisodiy o‘sish va minglab ish o‘rinlarini va’da qilmoqda.

Navoiy viloyati: 1,6 mlrd dollarlik yangi loyihalar va 10 ming ish o‘rni
7-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelajakdagi rejalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. So‘nggi sakkiz yilda hududda qiymati 8 mlrd dollardan ortiq 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 ming ish o‘rni yaratildi, tadbirkorlar soni 10 mingdan 30 ming nafarga yetdi.

2025-yilning birinchi yarmida investitsiyalar hajmi 643 mln dollar, eksport esa 635 mln dollarni tashkil etdi. 550 mln dollarlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, 1 140 ta savdo-xizmat ob’ekti ochildi. Hudud mamlakatdagi foydali qazilmalarning 20 foizi va yaylovlarning 43 foiziga ega bo‘lsa-da, imkoniyatlar hali to‘liq ishga solinmagan.

Investorlar Gazg‘on, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduqdagi sakkizta konni o‘zlashtirish uchun 566 mln dollar kiritishga tayyor. Bu sanoat ishlab chiqarishini 2,5 trln so‘mga, eksportni esa 100 mln dollarga oshiradi. Nurota tumanida granitni qayta ishlash uchun 50 gektarlik sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi, mahallalarda kashtachilik markazlari kengaytiriladi.

Qishloq xo‘jaligida uch mln gektar yaylov chorvachilik va eksport uchun katta imkoniyat yaratadi. 1,6 mlrd dollarlik qo‘shimcha loyiha paketi 10 ming ish o‘rni yaratadi, byudjetga 1 trln so‘m tushiradi va 238 mln dollarlik eksportni ta’minlaydi.

Prezident yirik va kichik biznes o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, turizm va xizmatlarni rivojlantirish, zamonaviy dam olish zonalari yaratish, shuningdek, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing