Nipah nazorat ostida: O‘zbekiston xavfsizlik choralarini kuchaytirdi

O'zbekiston

O‘zbekistonda Nipah virusi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmadi. Hindistonda infeksiya tarqalishi haqida xabarlar fonida mamlakatda profilaktik va nazorat choralari kuchaytirildi, epidemiologik vaziyat barqaror deb baholanmoqda.

Nipah nazorat ostida: O‘zbekiston xavfsizlik choralarini kuchaytirdi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassislari xalqaro vaziyatni doimiy monitoring qilmoqda. Davlat chegarasidagi barcha o‘tkazish punktlarida kuchaytirilgan sanitariya-karantin nazorati joriy etilgan.

Ayniqsa Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatdagi tibbiyot muassasalari, tez yordam brigadalari va yuqumli kasalliklar shifoxonalari yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan. Dori vositalari, shaxsiy himoya vositalari hamda dezinfeksiya vositalarining zarur zaxiralari shakllantirilgan.

Xavf yuqori bo‘lgan mamlakatlarga safar rejalashtirayotgan fuqarolarga shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, mevalarni yaxshilab yuvish, noma’lum sharoitda tayyorlangan ichimliklarni iste’mol qilmaslik, yangi siqilgan xurmo sharbatini faqat qaynatilgandan so‘ng ichish hamda ko‘rshapalaklar shikastlagan mevalarni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.

Mutaxassislar profilaktik choralar infeksion kasalliklar tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing