NYT: Nyu-York rasmiylari 11-sentabrdan keyin havo sifati haqidagi ma’lumotlarni yillar davomida yashirgan

Dunyo

Nyu-York rasmiylari 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan keyingi havo sifati haqidagi hujjatlarni e’lon qilishni boshladi. E’lon qilingan materiallarga ko‘ra, asbest va benzol kabi xavfli moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan oshgan, biroq aholiga bir necha bor havo xavfsiz ekani aytilgan.

NYT: Nyu-York rasmiylari 11-sentabrdan keyin havo sifati haqidagi ma’lumotlarni yillar davomida yashirgan
The New York Times xabariga ko‘ra, e’lon qilingan hujjatlar havo sifati bo‘yicha hisobotlar va ifloslanish qaydlaridan iborat 170 mingdan ortiq sahifani qamrab oladi. Materiallar 9/11 Health Watch tashkiloti tomonidan berilgan sud da’vosidan so‘ng ochiqlangan.

Hujjatlar xavfli moddalar Jahon savdo markazi vayron bo‘lganidan bir necha oy o‘tib ham aniqlanganini ko‘rsatadi. 2002-yil iyul oyida, teraktlardan o‘n oy o‘tgan bo‘lsa-da, mutaxassislar Jahon savdo markazidan 1,5 kilometrdan kam masofada asbest mavjudligini aniqlashda davom etgan.

Shunga qaramay, shahar rasmiylari aholiga havo xavfsizligini va o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari ruxsat etilgan chegaralarda ekanini bir necha bor bildirgan. 9/11 Health Watch rahbari Ben Chevatning aytishicha, hujjatlar Nyu-York rasmiylari zaharli kimyoviy moddalar xavfidan xabardor bo‘lganini va shunga qaramay, ularning havoda mavjud emasligiga aholini ishontirishda davom etganini ko‘rsatadi.

NYT hisob-kitoblariga ko‘ra, teraktlardan keyin havodagi xavfli moddalar ta’siridan kelib chiqqan kasalliklar sababli qariyb 3 ming kishi vafot etgan. Bu 11-sentabr hujumlarining o‘zida halok bo‘lganlar sonidan ko‘proq.

2001-yil 11-sentabr kuni «Al-Qoida» guruhiga mansub 19 terrorchi AQShda to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab oldi. Ikki samolyot Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga, uchinchisi Pentagon binosiga yo‘naltirildi. To‘rtinchi samolyot Shanksvill yaqinida qulab tushdi. Teraktlarda 2 977 kishi halok bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing