Ob-havoni ayblamang: Prezident ortda qolayotgan hududlarni tanqid qildi

O'zbekiston

Global ob-havo injiqliklari va xalqaro siyosiy muhitdagi o‘zgarishlar O‘zbekiston oldiga yangi talablar qo‘ymoqda.

Ob-havoni ayblamang: Prezident ortda qolayotgan hududlarni tanqid qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ob-havoning yil sayin injiqlashayotgani, “anomaliy issiq” va “anomaliy sovuq” holatlari oddiy holga aylangani ta’kidlandi.

Davlat rahbari har bir eksport bozori O‘zbekiston uchun iqtisodiy xavfsizlik jihatidan alohida ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Shuning uchun mutasaddilar va hokimlar faqat ob-havoni bahona qilishdan voz kechib, muhitga moslashgan, issiq, sovuq va suvsizlikka chidamli mahsulotlarni yetishtirishga o‘tishi zarur.

Joriy yilning 6 oyida oziq-ovqat eksporti 44 foizga oshib, 1 milliard 326 million dollarni tashkil etdi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga kengaydi. Ammo Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston eksport hajmi bo‘yicha boshqa hududlardan orqada qolmoqda. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga ham yetolmadi.

21 ta tumanda esa eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagan. Holbuki, bu hududlarda 80 ming gektar paxta va g‘alladan bo‘sh yerlar, 55 ming gektar tomorqa mavjud. Ularning hokimlariga viloyat rahbarlari bilan birgalikda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Prezident O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar sifatli va mazali bo‘lgani sababli tashqi bozorda “Made in Uzbekistan” brendi shakllanganini eslatib o‘tdi.

Biroq ba’zi “chaqqon” eksportyorlar ko‘proq foyda olish maqsadida hali pishmagan mevalarni eksport qilayotgani keskin tanqid qilindi.

Natijada, minglab tonna xom mahsulot xorijdagi savdo tarmoqlari tomonidan rad etilgan, bu esa mamlakat brendining bozordagi mavqeini yo‘qotish xavfini tug‘diradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing