Oksana Chusovitina izdoshlari uchun zamonaviy maktab

Sport

Sport gimnastikasi bo‘yicha uch karra jahon chempioni, jahon kubogi sohibi Oksana Chusovitina – mamlakatimiz faxri. U sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Oksana Chusovitina izdoshlari uchun zamonaviy maktab
Yurtimizda shunday sportchining bo‘lishi bolalar uchun namuna, dalda. Prezidentimizning 2022-yil 14-martdagi Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori sportsevar yoshlarga katta sharoit yaratdi.

Davlatimiz rahbari 5 mart kuni ushbu sport maktabiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlarni va mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Gimnastika maktabi 1-11-sinflardagi 105 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bugungi kunda 91 nafar o‘g‘il-qiz mahoratini oshirmoqda. Ularga ikkita xorijiy til ham o‘rgatiladi. Yosh gimnastlar umumiy ta’lim darslarini tutash hududda joylashgan 175-maktabda o‘qiydi.

– Nima uchun biz bu yo‘nalishga katta e’tibor berib, maktablar yaratayapmiz? Gimnastika – hamma sport turlarining asosi. Futbolchi ham, bokschi ham, sog‘lom bo‘laman degan inson ham gimnastika qilishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarga ta’lim berish bilan birga ularni sport bilan shug‘ullantirolsak, yurtimizda sog‘lom zurriyod, sog‘lom millat bo‘ladi, – dedi Prezident.

Shu maqsadda gimnastikani bolalar bog‘chalaridan keng joriy qilish, qobiliyatli sportchilarni saralashni shu bosqichdan boshlash, har bir hududda ikkitadan gimnastika maktabi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing