Orban Peter Magyar hukumatiga qarshi siyosiy kurashga qaytishini ma’lum qildi

Siyosat

Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban mamlakatning Peter Magyar boshchiligidagi yangi hukumatiga qarshi faol siyosiy kurashga qaytishini ma’lum qildi. Ketchada siyosiy mavsum ochilishi munosabati bilan so‘zlagan nutqida u o‘z tarafdorlarining sabr davri yakunlanganini aytdi.

Orban Peter Magyar hukumatiga qarshi siyosiy kurashga qaytishini ma’lum qildi
«Biz sabrli bo‘ldik — ehtimol, kerak bo‘lganidan ham ko‘proq. Ularning xatti-harakatlarini hisobga olgan holda adolatli munosabatda bo‘ldik — ehtimol, kerak bo‘lganidan ham ko‘proq... Besh oy o‘tdi. Bu bosqich yakunlandi. Bo‘ldi, bunga chek qo‘yildi. Bunday davom etishi mumkin emas. Milliy qarshilik vaqti keldi. Sabr tugadi, adolatli munosabat tugadi, barcha bir tomonlama qadamlar tugadi. Qo‘lqopni ko‘tarib, kurashish kerak», — dedi Orban.

Sobiq bosh vazir Vengriyadagi o‘ng kuchlar mamlakat suverenitetini saqlab qolishni istayotganini, «Tisza» partiyasi hukumati esa, uning fikricha, Vengriyani Yevropa Ittifoqining «mustamlakasi»ga aylantirmoqchi ekanini bildirdi.

Orban, shuningdek, yangi hukumatning iqtisodiy siyosatidan xavotir bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi hukumat Vengriyaning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Endilikda esa energetika, bank va telekommunikatsiya sohalari yana xorijiy nazoratga o‘tishi mumkin.

«Ular ("Tisza" — tahr.) iqtisodiyotni — biz katta qiyinchilik bilan yana vengriyalashtirgan Vengriya iqtisodiyotini: energetika sektori, bank sektori, telekommunikatsiyalarni — barchasini xorijliklarga qaytarib beradi. Pullar mamlakatdan chiqib ketadi. Ular yirik Vengriya kompaniyalarini bankrot qilib, ularni xorijliklarga topshiradi», — dedi u.

Vengriyada parlament saylovlari 12 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Peter Magyar boshchiligidagi markaz-o‘ng, Yevropaparast «Tisza» partiyasi g‘alaba qozonib, parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini egalladi.

Saylovdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Orban bosh vazirlik lavozimini tark etdi va parlament mandatidan voz kechdi, biroq «Fides» partiyasiga rahbarlikni saqlab qoldi. Endi u siyosiy kurashda yana faol ishtirok etish niyatini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing