«O‘tmishni haykaltaroshlikda ifodalab, kelajakni yaratish»: Toshkentda Mohamed Benchellal ko‘rgazmasi ochiladi

O'zbekiston

5-sentabr kuni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida niderland-marokashlik dizayner va rassom Mohamed Benchellalning BENCHELLAL, MONUMENTAL | “Sculpting Past Tomorrow” («O‘tmishni haykaltaroshlikda ifodalab, kelajakni yaratish») ko‘rgazmasi ochiladi. Ko‘rgazma 2025-yilda CCA Tashkentdagi Artist Residencies dasturi doirasidagi ijodiy rezidensiya davomida yaratilgan yangi haykaltaroshlik ishlari turkumini taqdim etadi.

«O‘tmishni haykaltaroshlikda ifodalab, kelajakni yaratish»: Toshkentda Mohamed Benchellal ko‘rgazmasi ochiladi
Ekspozitsiya Toshkent Zamonaviy san’at markazi (CCA Tashkent)ning jamoatchilik dasturi doirasida tashkil etiladi. Yangi turkumda Benchellal O‘zbekiston madaniyati, hunarmandchilik an’analari va me’moriy merosiga murojaat qilib, moda, haykaltaroshlik, arxitektura va zamonaviy san’at kesishmasidagi izlanishlarini davom ettiradi.

Rassom kiyimni haykaltaroshlik vositasi sifatida ko‘radi. Hajm, siluet, tuzilma va makon bilan o‘zaro munosabat orqali inson tanasi me’moriy tajriba maydoniga aylanadi. Uning asarlarida kiyim kutyur va haykaltaroshlik, obyekt va tana, monument va harakat o‘rtasidagi chegaralarni birlashtiradi.

Loyihaning dastlabki konsepsiyasi Benchellal tomonidan Qatarning Doha shahrida shakllantirilgan va u yerda rassom Qatar Milliy muzeyida shaxsiy ko‘rgazmasini taqdim etgan. O‘zbekistondagi yangi loyiha esa ushbu izlanishni boshqa me’moriy va madaniy muhitda davom ettiradi.

Yangi turkum uchun O‘zbekistonning monumental me’morchiligi, tarixiy obidalari, geometrik shakllari, keng ko‘lamli landshaftlari va modernistik merosi konseptual asos bo‘lib xizmat qilgan. Rassom tarixiy obraz va an’anaviy uslublarni bevosita takrorlamaydi, balki ularni zamonaviy haykaltaroshlik tiliga o‘giradi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirilmoqda. CCA Tashkent 2026-yil 6-sentabr kuni keng jamoatchilik uchun ochiladi. Markaz 1912-yilda qurilgan, avval tramvay deposi va dizel elektr stansiyasi sifatida xizmat qilgan tarixiy binoda joylashgan. Bino fransuz me’moriy byurosi Studio KO tomonidan yangi madaniy makonga aylantirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing