O’zbekiston ombor ijara narxlari bo‘yicha Dubaydan o‘zib ketdi

O'zbekiston

O‘zbekiston va Qozog‘iston ombor maydonlari ijarasi bo‘yicha Dubay va Manchester shaharlaridan o‘zib ketdi. Mamlakatlar markaziy Osiyoda ombor maydonlarining yetishmasligi sababli ijara narxlari jahon bozoridagi ko‘plab yirik port shaharlari bilan tenglashmoqda.

O’zbekiston ombor ijara narxlari bo‘yicha Dubaydan o‘zib ketdi
IBC Global kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Stanislav Ahmedzyanovning so‘zlariga ko‘ra, ombor maydonlari narxi o‘sib, bu hududni investorlar uchun jozibador qilyapti.

Toshkent va Almatida ombor maydonlari ijara narxi yiliga kvadrat metr uchun 150 AQSh dollaridan oshgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich Dubay va Manchester shaharlari bilan solishtirganda 15% yuqoridir. Moskvada esa bu raqam 60% arzon. Ushbu ombor joylari ijarasi narxining keskin oshishi mintaqa iqtisodiyotidagi logistika va ombor sektoriga qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.

Qirg‘iziston ham bu borada ortda qolmayapti – undagi ombor narxi yiliga 114 AQSh dollariga teng bo‘lib, Myunxen va Bristol kabi yevropa shaharlari bilan bir qatorda turadi. Bu ko‘rsatkich hatto Yevropa Ittifoqining yirik port shaharlari, masalan, Rotterdam va Antverpendan ham qimmatroqdir.

Ombor maydonlari yetishmovchiligi ijarachilarni qo‘rqitayotgan bo‘lsa-da, bu holat investorlar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Markaziy Osiyoda omborlar qurilishining o‘zini oqlash muddati Yevropa bilan solishtirganda ikki barobar qisqa bo‘lib, 5-6 yil ichida qayta olinadi. Investorlar 17-20% daromad olishlari mumkin, bu esa jahon bozorlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shuningdek, uzoq muddatli, 10 yilgacha bo‘lgan shartnomalar tendentsiyasi shakllanmoqda. Bu, o‘z navbatida, investorlarning sarf-xarajatlarni shartnoma muddati tugamasidan oldin qoplashiga imkon beradi. Logistika bozorida bunday uzoq muddatli kelishuvlar kam uchraydi, lekin sifatli omborlarga talab oshib bormoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘istondagi ombor sohasidagi bu rivojlanishlar mintaqani jahon logistika bozorining markazlaridan biriga aylantirishga yordam berishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing