O‘zbekiston Prezidenti aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlarini kuchaytirmoqda

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Sayxunobod tajribasini joylarda tatbiq etish masalalari muhokamasi kun tartibidagi ikkinchi masala bo’ldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidenti aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlarini kuchaytirmoqda
Qayd etilishicha, bu boradagi ishlar natijasida aprel oyining o‘zida 365 ming aholi bandligi ta’minlangan va tadbirkorlikka jalb qilingan. Banklar o‘z mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming kishining ishli bo‘lishiga sharoit yaratgan. Mahallalarda 70 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan. 465 ming gektar tomorqaga ekin ekilgan.

Lekin ayrim hududlarda sustkashliklar ham borligi ta’kidlandi. Masalan, o‘rganish o‘tkazilgan 7 ta tumanda o‘nlab tomorqalarda mahsulot ekilmagan.

Sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ullar ishdan olingani ma’lum qilindi.

Prezidentimiz bandlik va aholi daromadi masalasi birlamchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlab, barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.

Sayxunobod tajribasi bo‘yicha ishlarni tuman va mahalla kesimida sifatli tashkil etish, aholiga doimiy ish o‘rni va daromad manbai yaratish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Mahallalardagi yana bir muhim masala – tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi. Joriy yilning to‘rt oyida 115 ming nafar xorijda ishlayotgan fuqarolar yurtimizga qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi kutilmoqda. Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida boʻlib oʻtgan yigʻilishda tomorqa va tomorqa imkoniyatlaridan foydalangan holda aholi daromadlarini oshirish boʻyicha “Sayxunobod tajribasi” haqida gapirgan edi. Ushbu tajriba birinchi marta Sayxunobod tumanida joriy etilishi va keyinchalik butun respublika bo‘ylab keng tarqalishiga qaror qilingan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing