O‘zbekiston Prezidenti "Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ordeni bilan mukofotlandi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashdagi shaxsiy hissasi uchun Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Prezidenti "Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ordeni bilan mukofotlandi
Ashxobodda bo‘lib o‘tgan BMTning dengizga chiqish imkoniyati yo‘q rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” Turkmaniston ordeni bilan taqdirlandi.

Mazkur oliy mukofot davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun topshirildi. Mirziyoyev Turkmen xalqining Milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Prezident Serdar Berdimuhamedov va butun turkman xalqiga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

— Bu ordenni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga bo‘lgan chuqur hurmat va Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida ko‘rilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarning e’tirofi sifatida qabul qilaman, — dedi Prezident.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalari yangi bosqichga chiqdi: muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar amalga oshirildi, o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma tashabbuslar ko‘lami sezilarli oshdi.

Shuningdek, Mirziyoyev Arkadag va butun Markaziy Osiyo yetakchilarining mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi hissasini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, bugun xalqaro hamjamiyat bu yondashuvni muvaffaqiyatli mintaqaviy model sifatida tan olmoqda.

Uchrashuv yakunida Prezident Mirziyoyev BMT konferensiyasi munosabati bilan Turkmaniston xalqini tabrikladi va dekabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan global sammit muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing