O'zbekiston Prezidenti va TIV rahbari Eron Prezidentining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron shimolida yuz bergan fojia oqibatida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafot etgani munosabati bilan ushbu mamlakat Oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik bildirdi.

O'zbekiston Prezidenti va TIV rahbari Eron Prezidentining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Maktubda, jumladan, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlarimiz qalblarida doimiy saqlanib qolishi ta’kidlanadi. Davlatimiz rahbari do‘st Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham hamdardlik bildirdi. “Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Janobi Oliylari, qadrli birodarim Husayn Amir Abdullahiyon janoblari va boshqa Eron hukumati a'zolari bo‘lgan vertolyotning halokatga uchragani haqidagi xabardan chuqur qayg‘udamiz. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi nomidan halok bo‘lganlarning yaqinlari va butun Eron xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz”, — deb yozdi Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida.

Avvalroq Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy 19-may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing