O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yig‘ilishi

Iqtisodiyot

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan navbatdagi yalpi yig‘ilishda tuzilmaning hisobot davridagi faoliyati yakunlari sarhisob qilindi. Davlatimiz rahbari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeITB) prezidenti Odil Reno-Bassoga islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani va kengashda samarali hamraislik qilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, shuningdek, yetakchi transmilliy kompaniyalar rahbarlarini qutladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yig‘ilishi
O‘tgan bir yil davomida kengash mustaqil assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, ishtirokchilari sonini iqtisodiyotning 23 ta muhim tarmog‘ini qamrab olgan 54 tadan 85 ta yirik korporatsiyagacha yetkazdi. Uning Ijroiya qo‘mitasi doimiy tarkibiga YeITB, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) kirdi.

Ushbu platforma o‘zining amaliy samaradorligini isbotladi: investorlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning 21 tasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Buning natijasida Soliq kodeksiga keng ko‘lamli o‘zgartirishlar kiritildi, kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliya nazoratidan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi va MHXS standartlari asosida ishlaydigan kompaniyalar uchun qattiq tartibga solish to‘siqlari bekor qilindi. Mamlakatni jahon kapital tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi qonun lоyihasini tayyorlash, 16 ta texnik reglamentni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, IHTTning Xalqaro investitsiyalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish hamda Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi eng muhim qadamlar bo‘ldi.

Joriy sessiyaga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ishchi guruhlar tomonidan yettita strategik yo‘nalishga bo‘lingan 120 ta yangi aniq takliflar jamlandi: investitsiya muhitini yaxshilash, soliq ma’murchiligi, kadastr, energetika, moliya-bank sektori, korporativ boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot. Shavkat Mirziyoyev hukumat tomonidan yirik xalqaro agentliklar (Vision Invest, BDO, Crowe, OTP Group, Franklin Templeton, EY, Costa Legal, ACWA) rahbarlari — ishchi guruhlar hamraislari bilan birgalikda zudlik bilan ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi:

Valyuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini maqbullashtirish va yengillashtirish;
Islomiy sug‘urta, bank aktivlari bozori va “yashil” kreditlashni o‘z ichiga olgan ilg‘or moliyaviy mexanizmlarni joriy etish;
Korxonalarda ekologik, ijtimoiy va boshqaruv standartlarini (ESG) joriy etishni har tomonlama rag‘batlantirish.

Sessiya yakunida Prezident xorijiy biznes vakillari tomonidan bildirilgan barcha tashabbuslar Yangi O‘zbekiston davlat siyosatida tezkorlik bilan o‘z aksini topishi uchun hukumatning yagona “yo‘l xaritasi”ga umumlashtirilishini alohida ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing