«O‘zbekiston temir yo‘llari» InnoTrans 2026 ko‘rgazmasida strategik muzokaralar o‘tkazdi

O'zbekiston

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati Berlinda o‘tkazilgan InnoTrans 2026 ko‘rgazmasi doirasida yetakchi xalqaro kompaniyalar va temir yo‘l ma’muriyatlari bilan qator muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda infratuzilmani modernizatsiya qilish, harakat tarkibini rivojlantirish, servis va ishlab chiqarish loyihalarini mahalliylashtirish, raqamlashtirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» InnoTrans 2026 ko‘rgazmasida strategik muzokaralar o‘tkazdi
Yevropa Komissiyasi vakillari bilan uchrashuv muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Osiyo, Markaziy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha direktor Peteris Ustubs O‘zbekiston tomonining ko‘rgazmadagi faol ishtirokini qayd etib, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston temir yo‘l sohasini rivojlantirishga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Xitoyning CRRC Corporation Limited kompaniyasi rahbariyati bilan yangi poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va lokomotivlar xaridi bo‘yicha amaldagi loyihalar muhokama qilindi. Tomonlar «O‘zbekiston temir yo‘llari» korxonalari negizida lokomotivlarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha innovatsion servis markazini tashkil etish, shuningdek, iz kengligini o‘zgartirish imkoniyatiga ega zamonaviy yuk vagonlarini ishlab chiqarish loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Hyundai Rotem bilan muzokaralarda tezyurar poyezdlarning oxirgi ikki vagonini yo‘lovchilar uchun qulayroq qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Har bir tarkibdagi bittadan vagonda biznes-klass o‘rindiqlari o‘rniga stolchali VIP kreslolar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, sakkizta tezyurar elektr poyezdini xarid qilish bo‘yicha yangi shartnoma konsepsiyasi muhokama qilindi. Unda har bir tarkibga zamonaviy kapsula kreslolar bilan jihozlangan VIP-vagon kiritish taklif etildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» Serbiya temir yo‘llarini modernizatsiya qilish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini ham muhokama qildi. Deutsche Bahn bilan esa o‘zbekistonlik temir yo‘l mutaxassislarining malakasini oshirish va qo‘shma ilmiy ishlanmalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Huawei, «Litva temir yo‘llari», «Estoniya temir yo‘li», «Latviya temir yo‘li» va Škoda Group vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda raqamlashtirish, innovatsiyalar va temir yo‘l texnikasidan turli iqlim sharoitlarida foydalanish tajribasi muhokama qilindi.

InnoTrans Berlinda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan transport texnologiyalariga bag‘ishlangan yetakchi xalqaro ko‘rgazmadir. 2026-yilgi ko‘rgazma 22–25-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi va unda 59 mamlakatdan 3 170 ta eksponent qatnashdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing