O‘zbekiston TIV delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ldi

Siyosat

2024-yilning 19-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘iston poytaxtida rasmiy tashrif bilan bo’ldi.

O‘zbekiston TIV delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ldi
O‘zbekiston TIV delegatsiyasini Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qabul qildi. Har ikki tomon mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida bir-birlarining tashabbuslarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Tashqi ishlar vazirligi delegasiyasi Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazdi.

Ikki davlat rahbarlarining shaxsiy aloqalari, ochiq muloqoti va qatʼiyati tufayli Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi. Tomonlar yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Kelgusida turli darajadagi tadbirlarni rejalashtirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish, yangi sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mintaqalararo hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashqi ishlar vazirlari maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari va joriy yilga mo‘ljallangan maqsadlarni belgilab beruvchi bayonnomani imzoladilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirlari kengashi to‘g‘risidagi nizom hamda ushbu kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror tasdiqlandi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing