O‘zbekiston TIV Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirgan zarbasini qoraladi

Siyosat

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil tomonidan Eronning Damashqdagi diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumni qoraladi. Bu haqda O'zbekiston TIV xabar berdi.

O‘zbekiston TIV Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirgan zarbasini qoraladi
"Bir necha insonlarning qurbon bo‘lishi va Eronning Damashq (Suriya) shahridagi diplomatik missiyasi hududida vayronagarchiliklarga olib kelgan Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan havo hujumini keskin qoralaymiz. Xorijiy davlatlarning diplomatik va boshqa vakolatxonalariga hujum qilinishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat hamda xalqaro diplomatik huquq asoslari va tamoyillarini eng qo‘pol ravishda buzilishi deb hisoblaymiz”, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil kuchlari dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 atrofida Eron elchixonasi va konsulligi joylashgan Damashq g‘arbidagi Mezze tumaniga F-35 qiruvchi samolyotlaridan oltita raketa uchirdi. Kamida 13 kishi, jumladan, yetti nafar eronlik harbiy maslahatchi, jumladan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining ikki yuqori martabali generali va olti nafar suriyalik halok bo‘lgan. Konsullik binosi butunlay vayron qilingan. Eron elchisi Husayn Akbariy voqea joyida bo‘lgan, ammo jabrlanmagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing