O‘zbekiston Toshkent – Samarqand yangi avtomagistrali qurilishini boshladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yangi avtomagistrali qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari ushbu loyihani mamlakat transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish yo‘lidagi eng yirik tashabbuslardan biri deb atadi. Yangi magistral hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, tranzit salohiyatini oshirish va iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Toshkent – Samarqand yangi avtomagistrali qurilishini boshladi
Marosimdagi nutqida Prezident so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb uch barobar o‘sganini, 2030-yilgacha esa uning hajmini 240 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadi belgilanganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, iqtisodiyot va xalqaro savdo hajmi ortib borayotgan bir paytda zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish strategik ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududidan 4 ming kilometr xalqaro tranzit avtomobil yo‘llari o‘tadi. Ularning bir qismi maksimal yuklama bilan ishlamoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on temir yo‘li foydalanishga topshirilgach, mamlakat Tinch okeani mintaqasini Yevropa bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘lagining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. Shuningdek, Pokiston portlari orqali Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati kengayadi.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, yiliga qo‘shimcha 15–20 million tonna tranzit yuklarni qabul qilish 400–600 million dollar daromad, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar investitsiya hamda kamida 50 ming doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Prezident so‘nggi o‘n yilda mamlakatda 128 ming kilometr avtomobil yo‘li qurilgani va rekonstruksiya qilingani, buning uchun 78 trillion so‘m yo‘naltirilganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, yangi loyiha yo‘l xo‘jaligini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab beradi.

Uzunligi 282 kilometr bo‘lgan zamonaviy olti polosali avtomagistralning qiymati qariyb 2,2 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel o‘tish joyi quriladi. Yo‘l og‘ir yuk transporti va yuqori tezlikka mos monolit beton qoplama bilan barpo etiladi. Ayrim uchastkalarda harakat tezligi 150 km/soatgacha yetadi. Zamonaviy raqamli boshqaruv va xavfsizlik tizimlari yo‘l-transport hodisalarini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.

Magistral foydalanishga topshirilgach, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi safar vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Kunlik transport oqimi 60–80 ming avtomobilni tashkil etadi, yuk tashish xarajatlari esa 20–24 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Jahon banki baholariga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga besh baravargacha samara keltiradi. Yangi avtomagistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining yalpi hududiy mahsulotini taxminan 3 foizga oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylab logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, mehmonxonalar hamda servis majmualari barpo etiladi.

Prezident, shuningdek, Xiva – Urganch avtomobil yo‘li qurilishi boshlanganini, Toshkent – Andijon avtomagistrali bo‘yicha xalqaro tender yakuniy bosqichga yetganini hamda Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘lovchi yangi yo‘l loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Marosim yakunida davlat rahbari yangi avtomagistral mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti, aholi farovonligi va O‘zbekistonning mintaqadagi transport-logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shundan so‘ng u ramziy kapsulani joylashtirib, loyiha qurilishiga rasman start berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing