O‘zbekiston va Azersun Holding hamkorligi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov 18-mart kuni Azersun Holding (Ozarbayjon) boshqaruvi raisi o‘rinbosari Savash O‘zan bilan uchrashdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Azersun Holding hamkorligi
Xabar berilishicha, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning joriy holati va istiqbollari koʻrib chiqildi. Suhbatda o‘zaro hamkorlikni, jumladan, tajriba va innovatsiyalarni almashish orqali oshirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakuniga koʻra tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar borasida kelishuvga erishdilar va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqdilar.

Ma’lumot uchun: Azersun Holding — bu oziq-ovqat sanoati sohasida yetakchi Ozarbayjon kompaniyalarini birlashtirgan yirik xolding hisoblanadi. Kompaniya tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 30 dan ortiq korxona foydalanishga topshirilgan. Xolding Ozarbayjon ichki bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning katta qismini qondiradi va 40 dan ortiq mamlakatlarga mahsulot eksport qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing