O‘zbekiston va Belarus savdodan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tmoqda

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Belarus an’anaviy savdodan qo‘shma ishlab chiqarishlarni yaratish, mahsulotlarni mahalliylashtirish va uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqishga o‘tishni rejalashtirmoqda. Iqtisodiy hamkorlikning yangi modeli ikki davlat III Hududlar forumining asosiy mavzularidan biriga aylandi.

O‘zbekiston va Belarus savdodan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tmoqda
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakat qariyb 40 million aholisi bilan Markaziy va Janubiy Osiyo, Afg‘oniston hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqish uchun qulay ishlab chiqarish va logistika maydoni bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Belarus esa mashinasozlik, agrosanoat majmuasi va farmatsevtika sohalarida yuqori salohiyatga ega.

Forum yakunlari bo‘yicha tomonlar 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi hamda 2026–2027-yillarda hududiy delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari jadvalini imzoladi. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda qator bitim va yo‘l xaritalari ham qabul qilindi. Mogilyov va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu bilan birga, yangi qo‘shma loyihalarga start berildi. Toshkent viloyatida parrandachilik klasterining birinchi bosqichi qurilishi boshlandi. Andijon viloyatida trikotaj matolarini bo‘yash va quritish majmuasi, Farg‘ona viloyatida esa meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va shok usulida muzlatish hamda mevalarni qayta ishlash loyihalari ishga tushirildi.

Belarusda O‘zbekiston Savdo uyi, «Toshkent» o‘zbek milliy taomlari restorani va O‘zbekistonning Art Soft kompaniyasi savdo uyi ochildi.

Jamshid Xodjayev Belarusning sanoat salohiyati va O‘zbekistonning ishlab chiqarish-logistika imkoniyatlarini birlashtirish raqobatbardosh mahsulotlar yaratish, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish va tashqi bozorlardagi mavqeni mustahkamlash imkonini berishini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing