O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari Xalqaro inklyuziv xabga tashrif buyurishdi

O'zbekiston

Inklyuziv jamiyatni rivojlantirish, kasb-hunar ta’limi tizimini modernizatsiya qilish hamda imkoniyati cheklangan yoshlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun teng sharoitlar yaratish oliy darajadagi davlatlararo muloqot gumanitar kun tartibining markaziy mavzulariga aylandi. Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Germaniya Birinchi xonimi Elke Budenbenderning samimiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suhbat yakunlangach, davlatlar rahbarlarining rafiqalari Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Xalqaro inklyuziv xabga birgalikda tashrif buyurdilar.

O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari Xalqaro inklyuziv xabga tashrif buyurishdi
Batafsil tanishuv davomida oliy martabali mehmonga xabning ko‘p qirrali faoliyati atroflicha taqdim etildi. Muassasaning asosiy sa’y-harakatlari maxsus kasb-hunar ta’limi sohasiga ilg‘or o‘quv texnologiyalarini joriy etishga hamda yoshlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallashlarida tizimli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Birinchi xonimlar amaldagi o‘quv ustaxonalarini shaxsan ko‘zdan kechirdilar, markazning innovatsion loyihalari bilan tanishdilar va o‘quvchilar bilan ochiq muloqot qildilar. Tashrif yakunida Elke Budenbender O‘zbekistonda inklyuziv makonni barpo etish va o‘sib kelayotgan avlod salohiyatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy qadamlarni e’tirof etdi va yuqori baholadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing