O‘zbekiston va Germaniya yangi loyihalar orqali ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

O'zbekiston

O‘zbekiston va Germaniya raqamli monitoring, bioxilma-xillikni saqlash, “yashil” texnologiyalar va mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarida ekologik hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Yangi tashabbuslar O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov hamda Bundestag deputati, Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zosi Stefan Mayer uchrashuvida muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Germaniya yangi loyihalar orqali ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Tomonlar mintaqaviy dasturlar, ekologik monitoring va ilmiy-ta’lim hamkorligi doirasidagi istiqbollarni ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston tomoni atmosfera havosi sifatini yaxshilash, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish va ekologik ta’lim sohalaridagi islohotlarni taqdim etdi.

GIZning “Green Central Asia” tashabbusi va ILUCA mintaqaviy dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlikni amaliy loyihalar, texnologiyalar almashinuvi va mutaxassislar tayyorlash orqali kengaytirish taklif etildi. Germaniya Markaziy Osiyodagi qator ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

O‘zbekiston alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni SMART-patrullash, fototuzoqlar, geoinformatsion texnologiyalar va sun’iy intellekt yordamida raqamli monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma pilot loyihani taklif etdi. Sayg‘oqlarning migratsiya yo‘llarini saqlash uchun Germaniya ilmiy va ekspert tashkilotlari bilan hamkorlik qilish ham ko‘zda tutilmoqda.

Ta’lim sohasida Green University va Germaniya universitetlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, yozgi maktablar, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini hamda qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Green University huzuridagi 14 ta “yashil” texnikumda nemis tilini o‘qitishni rivojlantirish tashabbusi ham ilgari surildi. Ushbu texnikumlarni tashkil etish “Ekologik madaniyat” umummilliy loyihasida ko‘zda tutilgan.

Stefan Mayer nemis hamkorlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va texnikumlarda nemis tili sinflarini tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar ekologik tartibga solish, sertifikatlash, sirkulyar iqtisodiyot va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha ekspertlar almashinuvi, shuningdek, nemis kompaniyalari va ilmiy tashkilotlarining Toshkentdagi Eco Expo Central Asia 2027 ko‘rgazmasidagi ishtirokini kengaytirishni muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida GIZ dasturlari doirasidagi qo‘shma loyihalarni davom ettirish, raqamli monitoring, ilm-fan, ta’lim va “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing