O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rmonlarni tiklash va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

O'zbekiston

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rmonlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlash va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Yangi qo‘shma loyihalar O‘zbekiston Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rmonlarni tiklash va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
Muzokaralar yakunida Milliy qo‘mita va Koreya o‘rmon xizmati (KFS) o‘rmonlarni raqamli tiklash va iqlim choralarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ustuvor yo‘nalishlardan biri Orolbo‘yi hududidagi yerlarni tiklash va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘ladi. Bunda “Koreya-Mo‘g‘uliston yashil kamari” loyihasi tajribasidan foydalanish rejalashtirilgan.

Tomonlar, shuningdek, 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqish va O‘zbekistonda 27 ta botanika va dendrologiya bog‘ini tashkil etish dasturi doirasida Koreyaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishdi.

Osiyo o‘rmon xo‘jaligi hamkorlik tashkiloti (AFoCO) bilan uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish jarayonini yakunlash va qo‘shma loyihalarni boshlash bo‘yicha aniq qadamlar belgilandi. 2027–2029-yillarda Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston, AFoCO va KT&Gning Koreya Respublikasi moliyalashtirishi hisobidan “Green Globe Project Uzbekistan Pine Forest” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yuqori texnologiyali ko‘chatxonalar tashkil etish, in vitro laboratoriyasini modernizatsiya qilish, uglerod loyihalarini amalga oshirish va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarni tijoratlashtirish bo‘yicha uchta yangi loyiha tayyorlanadi. Orolbo‘yi landshaftlarini keng ko‘lamda tiklash uchun GCFga qo‘shma ariza tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.

Koreya Milliy bog‘lar xizmati (KNPS) bilan esa alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish, bioxilma-xillikni saqlash, ekoturizm va ekologik ta’lim bo‘yicha memorandum imzolandi. Dastlabki pilot loyiha sifatida “O‘zbekiston — Koreya” namunaviy milliy bog‘ini tashkil etish belgilandi.

Shuningdek, zamonaviy tashrif buyuruvchilar markazi, tog‘ qo‘riqchilari va qidiruv-qutqaruv xizmati, milliy bog‘larni zamonaviy texnika bilan jihozlash hamda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni monitoring qilish bo‘yicha yagona raqamli markaz yaratish masalalarida kelishuvlarga erishildi.

Aziz Abduhakimov Koreyada bo‘lib o‘tgan O‘rmonlar va iqlim masalalari bo‘yicha Koreya-Markaziy Osiyo vazirlar forumi hamda Vazirlar dialogida ham ishtirok etib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda “yashil” hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarini taqdim etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing