O‘zbekiston va Turkiya madaniyati: yangi hamkorlik bosqichiga qadam

O'zbekiston

Istanbulda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarning oxirgi yillardagi rivoji alohida ta'kidlandi.

O‘zbekiston va Turkiya madaniyati: yangi hamkorlik bosqichiga qadam
Uchrashuv davomida, O‘zbekiston va Turkiya madaniyat sohasidagi hamkorlik YUNESKO, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlarda ikki tomonning mushtarak sa'y-harakatlari tufayli yuqori bosqichga ko‘tarilganini qayd etildi. O‘zbekistonning tashabbuslari doimo Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda.

Ozodbek Nazarbekov uchrashuvda joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro madaniy tadbirlar, jumladan, “Sharq taronalari” festivalidagi turk musiqashunos olimlarining ishtiroki haqida so‘z yuritdi. “Bu musobaqalarda turkiyalik mutaxassislarning faol ishtiroki madaniy aloqalarimizning mustahkamligi dalilidir,” — dedi Nazarbekov.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida bir qator takliflar ilgari surildi. Samarqandda madaniyat bo‘yicha qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi, shuningdek, Turkiyaning mashhur “Onado‘lu otashi” guruhi gastrol safari va Jaloliddin Manguberdi yodgorligining o‘rnatilishi kabi rejalarning muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi imzolandi, bu esa ikki davlatning madaniy aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing