O‘zbekiston va Turkiya tovarlar ro‘yxatini kengaytirishga kelishdi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘lida imtiyozli savdo rejimi qo‘llaniladigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirishga kelishib oldi. Yangi kelishuvlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, eksport-import aloqalarini faollashtirish hamda tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Turkiya tovarlar ro‘yxatini kengaytirishga kelishdi
Turkiya Respublikasi savdo vaziri o‘rinbosari Mustafo Tuzju boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha O‘zbekiston—Turkiya Ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda Mustafo Tuzju hamraislik qildi.

Tomonlar imtiyozli savdo rejimi amal qiladigan mahsulotlar ro‘yxatini tenglik tamoyili asosida kengaytirish masalasini muhokama qilib, muzokaralarning uchinchi raundi yakunlari bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Yakunda qo‘shimcha tovar pozitsiyalarini o‘z ichiga olgan kelishuv protokoli imzolandi.

Mazkur qarorlar ikki tomonlama savdoni jadallashtirish, eksport va import hajmlarini oshirish hamda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing