Oʻzbekiston va Vyetnam qoʻshma savdo uyini tashkil etadi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining Vyetnamga uch kunlik tashrifi doirasida delegatsiya 19-mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vyetnam biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Oʻzbekiston va Vyetnam qoʻshma savdo uyini tashkil etadi
Xabar qilinishicha, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Vyetnam biznes-forumi va B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etilgan.

Xususan, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida Vyetnamning Xoshimin shahrida O‘zbekiston-Vyetnam qo‘shma savdo uyini ochish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

“Bugun Xanoy shahrida O‘zbekiston-Vetnam biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Barcha ishtirokchilarni qutlab, yurtimizdagi imkoniyatlar haqida ma'lumot berdik. Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga samimiy qiziqish va ko'mak uchun Vetnam yetakchi sanoat kompaniyalari, tadbirkorlar va hukumat vakillariga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Forum doirasida bo‘lib o‘tgan samarali B2B uchrashuvlarini alohida qayd etish joiz. Ikki mamlakat ishbilarmonlarini ushbu fursatdan yanada aniqroq loyihalarni amalga oshirish va foydalanilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga undaymiz”, — deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida.

Eslatib oʻtamiz, bu Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining 1992-yilda ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan beri Vyetnamga ilk tashrifidir.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing