O‘zbekiston va Yevropa hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

O'zbekiston

Bryusselda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yirik Yevropa kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvda Yevropa biznesini O‘zbekiston iqtisodiyotining yangi bosqichdagi loyihalariga faol jalb etishga chaqirdi.

O‘zbekiston va Yevropa hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiya tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuvda Vandewiele, Linde, Rhenus Logistics, Ahlers Logistics, Lasselsberger Group, Pietro Fiorentini, Meridiam, SUEZ, FMO, Yevropa investitsiya banki, Commerzbank, KfW kabi kompaniyalar ishtirok etdi.

Davlat rahbari Yevropa biznes doiralari ishtirokini o‘zaro ishonchning yuksak darajasi deb atab, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi bitim ikki tomonlama aloqalarga yangi sur’at bag‘ishlashini ta’kidladi.

So‘nggi yetti yilda O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi savdo hajmi ikki baravar oshdi, Yevropa kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Bu esa investorlarning mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchini tasdiqlaydi.

Prezident hamkorlikni chuqurlashtirish uchun to‘rtta asosiy yo‘nalishni belgilab berdi:
- yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish;
- “yashil” iqtisodiyot va kimyo sanoatini rivojlantirish;
- transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish;
- raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va IT sohasida hamkorlikni kengaytirish.

Mirziyoyev inson kapitaliga sarmoya kiritish zarurligini ham ta’kidladi: yoshlar uchun oliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy universitetlar filiallarini ochish va Yevropa hamkorlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish.

Uchrashuvda ishtirok etgan Yevropa kompaniyalari O‘zbekistonda barqaror sarmoya muhiti yaratilganini yuqori baholab, yangi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish istagini bildirishdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing