O‘zbekiston velosportchilari osiyo chempionatida 3 oltin va 1 bronza medalini qo‘lga kiritdi

Sport

O‘zbekistonlik sportchilar Tailandning Pxitsanulok shahrida bo‘lib o‘tayotgan velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatida yorqin natijalar qayd etib, umumiy hisobda 3 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston velosportchilari osiyo chempionatida 3 oltin va 1 bronza medalini qo‘lga kiritdi
Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi yoshlar (U-18, U-23) va kattalar o‘rtasidagi bahslarda munosib ishtirok etdi.

Oltin medallarning ikkitasi yakkalik bahslarda qo‘lga kiritildi. U-18 yo‘nalishida Samira Ismoilova, kattalar o‘rtasida esa Yanina Kuskova chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, aralash estafeta musobaqasida ham O‘zbekiston vakillari tengsiz ekanligini isbotlab, yana bir oltin medalni qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, U-23 yosh toifasidagi individual vaqt poygasida ishtirok etgan Asal Rizayeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasining ushbu muvaffaqiyati mamlakatda velosportning jadal rivojlanayotganini va yosh sportchilarning xalqaro maydonlarda raqobatbardoshligini yana bir bor isbotladi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston sportchilari hali yana bir qator bellashuvlarda ishtirok etadi va umumiy medallar sonini yanada oshirish imkoniyatiga ega.

Bu natijalar O‘zbekiston velosportchilarining jahon arenalarida ham yuqori marralarni zabt etishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Musobaqa davom etayotgan bo‘lsa-da, allaqachon qo‘lga kiritilgan 3 ta oltin va 1 ta bronza medali yurtimiz sportchilarining mehnati va tayyorgarlik darajasining yuksak ekanini tasdiqlaydi.

Yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan musobaqalar ham yurtimiz vakillaridan yangi yutuqlar kutayotganiga ishonamiz. O‘zbekiston velosportchilari Osiyo chempionatida o‘z nomini yana bir bor shon-sharaf bilan yozib qoldirishga intilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing