O‘zbekiston yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra IOTA tarkibiga qabul qilindi
O'zbekiston
Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotining (IOTA) 30-Bosh assambleyasida Soliq qo‘mitasi Raisi boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tuzilmaga a’zo bo‘lish uchun arizasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Yopiq yalpi sessiya doirasida o‘tkazilgan yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, respublika ushbu nufuzli Yevropa tashkiloti tarkibiga assotsiatsiyalangan a’zo sifatida rasman qabul qilindi.
Taqdimot davomida yevropalik hamkasblarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yutuqlari namoyish etildi. Mijozlarga yo‘naltirilgan ekotizimni yaratish, avtomatlashtirilgan xavf-tahlil, katta ma’lumotlardan (Big Data) foydalanish hamda milliy va xorijiy investorlar uchun soliqlarni proaktiv hisoblash tizimlarini joriy etishga alohida urg‘u berildi. IOTAga a’zolik O‘zbekistonga Yevropa professional makoniga to‘laqonli integratsiyalashish, sun’iy intellekt va xulq-atvor tahlilini qo‘llash bo‘yicha YeI tajribasini o‘zlashtirish, shuningdek, keng ko‘lamli raqamli transformatsiya bo‘yicha o‘zining muvaffaqiyatli tajribasini taqdim etish imkonini beradi. Assambleya dasturi, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan strategik rejalashtirish davrini qamrab olgan soliq ma’murchiligining kelajakdagi modellarini ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oldi.
Powered by Froala Editor