O‘zbekiston yutuqlari ko‘pmillatli xalqimiz mehnatining natijasidir

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi va so‘nggi yillardagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarda fuqarolarning hissasini ta’kidladi. Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan mamlakat taraqqiyotining turli yo‘nalishlariga hissa qo‘shgan 558 nafar fuqaro davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston yutuqlari ko‘pmillatli xalqimiz mehnatining natijasidir
“Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi — bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir!” — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi O‘zbekiston ovozi dunyoning eng nufuzli minbarlarida baland yangrayotgani, mamlakatning tinchliksevar siyosati xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, erishilgan o‘zgarishlarning asosiy omili ko‘pmillatli xalqning fidokorona mehnatidir.

Mukofotlanganlar orasida turli hudud va sohalar vakillari bor. Xorazmda tug‘ilgan, butun umrini ijodga bag‘ishlagan Rustam Sultonov hududlar rivojiga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi uchun taqdirlandi. Surxondaryolik mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonov qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va cho‘l hududlarini o‘zlashtirishdagi xizmatlari uchun e’tirof etildi.

Bekobod metallurgiya kombinatida ko‘p yillar mehnat qilgan G‘ulomjon Turonov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Ilhom Ziyovuddinov, Jamila Xudoyberdiyeva, Yesenbay Aytimuratov va Aslankul Karimqulov kabi qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va irrigatsiya sohasi vakillarining xizmatlari ham e’tirof etildi.

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezashda ishtirok etgan usta rassom Sattorxo‘ja To‘xtaxo‘jayev ham faxriy unvon bilan taqdirlandi.

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan fuqarolarning turli guruhlarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Prezident farmonlari 2026-yil 22-avgustda imzolangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing