O‘zbekistonda 2026-yildan kompaniyalar uchun yangi soliq qoidalari joriy etiladi

Biznes

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soliq tartibga solishning yangi mexanizmlarini joriy etuvchi farmonni imzoladi. Ular 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Yangi qoidalar biznes faoliyatining shaffofligini oshirish va soliq intizomini kuchaytirishga qaratilgan.

O‘zbekistonda 2026-yildan kompaniyalar uchun yangi soliq qoidalari joriy etiladi
Asosiy o‘zgarishlardan biri — chet el yuridik shaxslariga qo‘yiladigan tartibning qat’iylashishi. Onlayn xizmatlar ko‘rsatuvchi yoki jismoniy shahslarga tovar sotuvchi xorijiy kompaniyalar Soliq qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Ular ogohlantirilganidan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmasa, O‘zbekistonda faoliyatiga cheklovlar qo‘llanadi.

Yangi tartiblar soliq organlariga qo‘shimcha asoslarda sayyor tekshiruvlar o‘tkazishga imkon beradi. Import qilingan oziq-ovqat tovarlarining to‘qqiz oy davomida realizatsiya qilinmagani, go‘sht, yangi meva va sabzavotlar esa uch oy ichida sotilmagan bo‘lsa, tekshiruv o‘tkazilishi mumkin. Omborlarda qiymati 500 BRVdan (206 mln so‘m) yuqori bo‘lgan tovarlar aniqlansa ham tekshiruv boshlanishi mumkin.

Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasini shakllantirish tartibi yangilanadi — endilikda ularning bozor qiymati asos qilib olinadi. Qurilish va savdo sohasi korxonalari ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlarni 15 kun ichida soliq organlariga shaxsiy kabinet orqali taqdim etishi lozim.

QQSni tezlashtirilgan tartibda qaytarish qoidalari ham aniqlandi. Agar korxona rahbarlari yoki ta’sischilari avval soliqdan bo‘yin tovlagan bo‘lsa, yoxud bunday shaxslar tomonidan tashkil etilgan yoki so‘nggi 12 oyda qayta tashkil qilingan bo‘lsa, bu tartib qo‘llanmaydi.

Kameral tekshiruvlarda soliq organlari soliq to‘lovchining qo‘shimcha taqdim etgan hujjatlarini ko‘rib chiqishi shart. Agar buzilishlar bartaraf etilib, qarzdorlik va jarimalar to‘liq to‘lansa, tashkilot mas’ullari, shu jumladan, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shuningdek, litsenziya yoki ruxsatnoma asosida faoliyat yuritadigan korxonalar uchun schyot-fakturalarni rasmiylashtirish soddalashtirildi. Endilikda tizimda amaldagi litsenziya avtomatik tekshirilgach, hujjatlarni rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing