O‘zbekistonda kuryerlar uchun yangi qoidalar tasdiqlandi

O'zbekiston

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasida kuryerlik xizmatlari faoliyati tartibi rasman belgilandi. Tegishli nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

O‘zbekistonda kuryerlar uchun yangi qoidalar tasdiqlandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan "Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida"gi hujjat kuryerlar va yetkazib berish xizmatlarining ishlash qoidalarini tartibga soladi.

Nizomga ko‘ra, tadbirkorlar yoki yetkazib berish xizmati operatorlari bilan tuzilgan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida tovarlarni yetkazib berishni amalga oshiruvchi jismoniy shaxs - shu jumladan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs kuryer hisoblanadi.

"Yetkazib berish xizmatlari operatorlari va kuryerlar, agar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, xaridorlardan tovarlar yoki yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga haqli," - deyiladi hujjatda. Bunda to‘lovlarni faqat chek yoki kvitansiya - elektron yoki qog‘oz shaklda rasmiylashtirilgan holda qabul qilish mumkin. Kassa apparatidan foydalanish majburiydir.

Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun alohida talablar qo‘yilgan. Tashishda qo‘llaniladigan avtomobillar va termokonteynerlar toza va soz holatda saqlanishi, muntazam yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi kerak.

Kuryerlarga xaridorning roziligisiz tovar o‘ramini ochish, shuningdek, mijozlarning shaxsiy ma’lumotlarini va yetkazib berilayotgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilish taqiqlanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing