O‘zbekistonda o‘qituvchilar va maktablarni qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari joriy etiladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab va maktabgacha ta’limni rivojlantirish, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash hamda xususiy maktablar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi choralarni ma’lum qildi. Asosiy e’tibor fundamental fanlar, o‘qituvchilar malakasini oshirish, inklyuziv ta’lim va bolalarni kelajak kasblariga tayyorlashga qaratiladi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilar va maktablarni qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari joriy etiladi
Sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, matematika, fizika, kimyo va biologiya ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Milliy sertifikatga ega fundamental fanlar o‘qituvchilariga 50 foiz ustama beriladi, 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga har yili 30 million so‘mdan mukofot to‘lanadi. Yana 1 ming pedagog xorijda stajirovka o‘taydi. Kamida 15 yillik stajga ega o‘qituvchilarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi.

Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino va Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga bevosita oliy toifa beriladi. 4-sinf o‘quvchilari uchun ham fan olimpiadalari joriy etilib, kelasi yildan tuman bosqichi g‘oliblariga kompyuter beriladi. Ularning ustozlari bosqichiga qarab 10 milliondan 100 million so‘mgacha mukofot oladi.

100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar bir sinfda to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Loyiha pedagoglariga 100 foiz ustama beriladi. O‘rta ta’limda “sifat indeksi” joriy etilib, maktablar pedagoglar salohiyati va o‘quvchilar natijalariga ko‘ra toifalarga ajratiladi. Boshqa maktablarni yuqori toifaga olib chiqishga yordam bergan ilg‘or jamoalarga 30 foiz ustama beriladi.

Pedagoglar uchun poytaxt yoki viloyat markazida majburiy bir oylik kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari joriy etiladi. O‘qituvchi attestatsiya natijasiga qarab 18 soatdan 72 soatgacha kursni o‘zi tanlaydi.

O‘quv yuklamasi yuqori 52 ta tumanda xususiy maktablar uchun 7 yilga 10 foizlik imtiyozli kredit va xarajatlarning 15 foizigacha, ko‘pi bilan 1,5 milliard so‘m subsidiya beriladi. Bo‘sh davlat binolari xususiy maktablarga 10 yilga bepul ijaraga beriladi.

Ikki yilda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 591 taga oshdi. Yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqandda, keyingi ikki yilda esa barcha hududlarda bunday maktablar ochiladi.

Maktabgacha ta’limda Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosidagi yangi metodika 180 ming tarbiyachi va pedagogga o‘rgatilmoqda. O‘yin orqali ta’lim berish yil oxirigacha 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasida joriy etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing