O'zbekistonda sport sohasidagi korrupsiyaviy qilmishlar jazosiz qolmaydi

O'zbekiston

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

O'zbekistonda sport sohasidagi korrupsiyaviy qilmishlar jazosiz qolmaydi
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda mamlakatimizda sportni ommalashtirish, sport turlarini yana-da rivojlantirish va sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani aytib o’tildi.

Shu bilan birga hozirgi vaqtda mazkur sohadagi qonun hujjatlariga sportdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan yangi normalarni kiritish zarurati yuzaga kelayotganiga e’tibor qaratildi.

“Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olganligi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lganligi, shuningdek, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda”, ― deyiladi bayonotda.

Senatorlarning fikricha, yangi Qonun milliy qonunchiligimizni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, sport sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing