O‘zbekistonda yuqori daromadga ega fuqarolar uchun alohida soliq tizimi joriy etiladi

O'zbekiston

O‘zbekistonda yaxshi daromadga ega fuqarolarni soliqqa tortishning alohida tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqida 1 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

O‘zbekistonda yuqori daromadga ega fuqarolar uchun alohida soliq tizimi joriy etiladi
Uning qayd etishicha, hozirda soliqqa tortish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

“Ularni segmentlash orqali eng yuqori daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliqlarni to‘lash va undirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqqanmiz. Ularning to‘liq bazasi yaratilib, bu orqali bironta jismoniy shaxs o‘z daromadini soliqdan qochish maqsadida kamaytirish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydigan tizim bo‘ladi”, dedi Mubin Mirzayev.

Shu bilan birgalikda, Mirzayev yangi elektron tizimni ishlab chiqish uchun qo‘mitaga taxminan yana bir yil kerak bo‘lishini qayd etgan. Rejalashtirilgan tizim nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda olingan daromadlarni ham soliqqa tortishni nazarda tutadi.

“Agar O‘zbekiston rezidenti chet elda daromad olsa, mamlakatda soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Norezidentlar bilan bog‘liq holatda Soliq qo‘mitasi ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish uchun chet elda soliq to‘lashni hisobga oladi”, deya qo'shimcha qildi Mirzayev.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda 38 mln nafar aholi bo‘lsa, shundan 18 mln nafardan ortig‘i daromadga ega hamda ular soliq to‘lashi kerak bo‘lgan aholi hisoblanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing