O‘zbekistondagi ilk National Transport Hackathon to‘qqizta g‘olib jamoani aniqladi

Texnologiya

O‘zbekistonda transport sohasiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan ilk National Transport Hackathon yakunlandi. Uch kun davomida jamoalar aholining mobilligini oshirish, Transport vazirligining axborot tizimlarida sun’iy intellektdan foydalanish hamda katta hajmdagi transport ma’lumotlarini tahlil qilish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqdi.

O‘zbekistondagi ilk National Transport Hackathon to‘qqizta g‘olib jamoani aniqladi
Xakaton 6–8 avgust kunlari o‘tkazilib, 72 soat davom etdi. Musobaqada 47 ta jamoa va 172 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, uchta yo‘nalish bo‘yicha to‘qqizta g‘olib jamoa aniqlandi.

«Aholi mobilligini oshirish uchun maxsus servislar» yo‘nalishida VorteX jamoasi QATNOV loyihasi bilan birinchi, AlmaCode jamoasi EasyPay loyihasi bilan ikkinchi, AYSLATTE jamoasi esa «ЯСамокат» loyihasi bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

«Transport vazirligining axborot tizimlariga sun’iy intellektni joriy etish» yo‘nalishida Dominify jamoasi Aibus loyihasi bilan, 5dev jamoasi Permit Flow bilan, TransportBrain jamoasi esa TransportBrain Studio bilan g‘olib bo‘ldi.

«Katta hajmdagi transport ma’lumotlarini tahlil qilish» yo‘nalishida 21-jamoa Vector loyihasi bilan birinchi, Qamrov AI Qamrov AI loyihasi bilan ikkinchi, Developers esa Oqim loyihasi bilan uchinchi o‘rinni oldi.

Xakatonning umumiy mukofot jamg‘armasi 320 mln so‘mni tashkil etdi. Har bir yo‘nalishda birinchi o‘rin uchun 50 mln so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 25 mln so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 15 mln so‘m mukofot belgilandi.

Xakaton transport sohasida sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Transport vazirligi National Transport Hackathon’ni har yili o‘tkazish hamda 2026-yil oxirigacha transport sohasida ilk «ideathon»ni tashkil etish rejasini ham ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing