O‘zbekistonlik shifokorlar va hamshiralar uchun Yevropada yangi imkoniyatlar

O'zbekiston

O‘zbekistonlik shifokorlar va hamshiralar davlat hamda xususiy tashkilotlar ishtirokidagi yangi xalqaro hamkorlik loyihasi orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonlik shifokorlar va hamshiralar uchun Yevropada yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston Migratsiya agentligi, Shveysariyaning Globogate rekruting kompaniyasi hamda Slovakiyaning Penta Hospitals International tibbiyot tarmog‘i uch tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Loyiha doirasida O‘zbekistonda shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlanib, keyinchalik Yevropadagi tibbiyot muassasalariga ishga joylashtiriladi.

Penta Hospitals International Markaziy Yevropadagi eng yirik xususiy tibbiyot tarmoqlaridan biri bo‘lib, 150 dan ortiq shifoxona va 100 ga yaqin parvarish muassasasini birlashtiradi. Tizimda qariyb 25 ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Yaqinda Bratislavada 1 400 nafar xodimga mo‘ljallangan zamonaviy tibbiyot majmuasi ham ishga tushirildi.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyiha Globogate bilan amalga oshirilayotgan dastur davomi bo‘lib, uning doirasida 600 ga yaqin o‘zbekistonlik hamshira Germaniyada ish bilan ta’minlangan.

Dastlabki bosqichda mutaxassislar Chexiya, Slovakiya va Polshada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Keyinchalik dastur Estoniya, Latviya va Litvani ham qamrab oladi. Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar yaqin kunlarda XORIJDA ISH rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilinadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing