Parlament va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi

Siyosat

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga doir masala ko‘rib chiqildi.

Parlament va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024 yil 27 oktyabr, yakshanba kuni o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, ya’ni 2024 yil 26 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berilib, Kalendar reja tasdiqlandi.

2024 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing