Pavel Durov Toshkentdagi IOI 2026 ni qo‘llab-quvvatladi: Telegram g‘oliblarni $117 mingdan boshlab mukofotlaydi

Texnologiya

Telegram asoschisi Pavel Durov bu yil ilk bor Toshkentda o‘tkazilayotgan Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026) boshlanganini ma’lum qildi.

Pavel Durov Toshkentdagi IOI 2026 ni qo‘llab-quvvatladi: Telegram g‘oliblarni $117 mingdan boshlab mukofotlaydi
Durov o‘zining Telegram kanalida IOI maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi dasturlash bo‘yicha eng nufuzli xalqaro musobaqa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Telegram jamoasining ko‘plab a’zolari ilgari ushbu olimpiadada sovrindor bo‘lganini qayd etdi.

Yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Telegram IOI 2026ning 235 nafar g‘olibini umumiy qiymati kamida $117 ming bo‘lgan eksklyuziv raqamli kolleksion buyumlar — Algorithm Cups bilan taqdirlaydi.

Durov olimpiadaning O‘zbekistonda — buyuk olim Muhammad al-Xorazmiy vatani bo‘lgan mamlakatda o‘tkazilayotganini ham alohida ta’kidladi. Uning nomi «algoritm» so‘zining kelib chiqishi bilan bog‘liq.

IOI 2026 Toshkentda 9–16 avgust kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqada 97 mamlakatdan 386 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etmoqda. Ular orasida AQSh, Xitoy, Germaniya, Singapur, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Buyuk Britaniyaning kuchli jamoalari ham bor.

O‘zbekiston IOIni 2023 yilda o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan. 2025 yilda Boliviyada bo‘lib o‘tgan olimpiadaning yopilish marosimida IOI bayrog‘i keyingi mezbon shahar ramzi sifatida O‘zbekiston delegatsiyasiga topshirilgan.

IOI 2026ning Toshkentda o‘tkazilishi ta’lim, dasturlash va raqamli texnologiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim voqea bo‘ldi.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing