Pentagon Kubaga nisbatan ehtimoliy harbiy ssenariylarni o‘rganmoqda

Dunyo

Pentagonning Kubaga nisbatan ehtimoliy harbiy ssenariylarni ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar xalqaro miqyosda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Amerika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan va Vashington harbiy hamda diplomatik variantlarni muhokama qilishda davom etmoqda.

Pentagon Kubaga nisbatan ehtimoliy harbiy ssenariylarni o‘rganmoqda
CBS News amerikalik rasmiylarga tayanib xabar berishicha, AQSH Mudofaa vazirligi Kubaga nisbatan bir nechta ehtimoliy harbiy ssenariyni, jumladan, 101-havo-desant diviziyasi bo‘linmalarini orolga tushirish variantini ham tahlil qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu muhokamalar dastlabki bosqichda bo‘lib, harbiy operatsiya o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Nashrga ko‘ra, bunday muhokamalar ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik saqlanib qolayotgani bilan izohlanmoqda. AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset avvalroq Kuba AQSH milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi qurollarga ega bo‘lsa, kuch ishlatish ehtimoli istisno qilinmasligini bildirgan edi. Shuningdek, ayrim nashrlarda Kuba go‘yoki AQSH obyektlariga qarshi qo‘llash uchun dronlar xarid qilgani haqidagi razvedka baholari tilga olinadi. Ushbu ma’lumotlar rasmiy ravishda tasdiqlanmagan.

CBS News manbalari yaqin istiqbolda harbiy operatsiya ehtimoli pastligini qayd etmoqda. Ularning aytishicha, Pentagon resurslarining katta qismi boshqa yo‘nalishlarda safarbar qilingan, AQSH ma’muriyati esa hozircha iqtisodiy va diplomatik bosim choralariga ustuvor ahamiyat bermoqda.

So‘nggi oylar davomida Vashington Gavanaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi. AQSH rasmiylari Kubada siyosiy va iqtisodiy islohotlar zarurligini ta’kidlab kelmoqda. Kuba hukumati esa mamlakat suverenitetini himoya qilishga tayyor ekanini bildirib, har qanday tashqi bosimni rad etmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing