Per de Goll: Yevropa federativ ittifoqi — “katta yolg‘on”

Dunyo

Xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlik jamg‘armasi prezidenti Per de Goll Yevropaning federativ ittifoq loyihasini qattiq tanqid qildi, uni “katta yolg‘on” deb atab, global tanglik kuchaymasligi uchun milliy siyosiy mustaqillikni tiklashga chaqirdi.

Per de Goll: Yevropa federativ ittifoqi — “katta yolg‘on”
Uning bayonoti 15-noyabr kuni Sirius federal hududida o‘tkazilayotgan “BRIKS – Yevropa” xalqaro simpoziumining ochilishida yangradi. Tadbirda BRIKS va Yevropa davlatlaridan siyosatchilar, ekspertlar va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.

Per de Goll o‘z nutqida Yevropaning federativ ittifoq loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini bildirdi.

“Yevropa kasal. Yevropaning federativ ittifoqi — bu muvaffaqiyatsizlik va katta yolg‘on. Uning boshida Yevropa komissiyasi turibdi, o‘zining libertarian mafkurasi va direktivalari bilan,” — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, federativ Yevropa “o‘z tarixini yaratmoqda, ma’naviyatni, e’tiqodni, o‘zini erkin ifoda etish huquqini rad etadi”.

De Goll, shuningdek, Yevropa va NATOni “Ukrainadagi urushni avj oldirishda” aybladi.

“Biz kuchlarni birlashtirishimiz va yelkama-yelka turishimiz kerak, aks holda bu vaziyat uchinchi jahon urushiga olib keladi,” — dedi u.

Uning fikricha, Yevropa “siyosiy avtonomiya va Yevropadagi millatlarning erkinligini” tiklamasa, jahon siyosatidagi ta’sirini yo‘qotadi.

Siriusdagi “BRIKS – Yevropa” simpoziumida parlament a’zolari, jamoatchilik vakillari va olimlar BRIKS va Yevropa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini yaqinlashtirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

De Gollning chiqishi Yevropa integratsiyasining kelajagi va siyosiy yo‘nalishi bo‘yicha bahslarni yanada kuchaytirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing